“Silk Road Finance and Technology Forum” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Kambodja Milliy banki o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat ikki mamlakat markaziy banklari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda o‘zaro tajriba va axborot almashish uchun institutsional asos yaratishni nazarda tutadi.
Memorandum tomonlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda, jumladan, pul-kredit siyosati, to‘lov tizimlari, moliyaviy inklyuziya, monetar meros va markaziy bank muzeylari sohalarida hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, hujjat doirasida dolzarb masalalar yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazish, treninglar, amaliyotlar va seminarlar tashkil etish, qo‘shma tadqiqotlar va nashrlarni amalga oshirish, shuningdek, tajriba almashish maqsadida o‘zaro tashriflarni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Memorandum ikki markaziy bank o‘rtasidagi professional va ekspertlik muloqotini mustahkamlash, bilim va amaliy tajriba almashishni tizimli yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.










