“Silk Road Finance and Technology Forum” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rahbariyati va Filippin Markaziy banki (Bangko Sentral ng Pilipinas) vakillari o‘rtasida uchrashuvda islom moliyasini rivojlantirish, moliyaviy sektorni tartibga solish va nazorat qilish, pul o‘tkazmalari, raqamli moliyaviy xizmatlar hamda ikki regulyattor hamkorligida qo‘shma tadqiqotlarini rivojlantirish yo‘nalishlari kabi masalalar muhokama qilindi.
Xususan, islom moliyasi uchun samarali tartibga solish muhitini shakllantirish, Shariat talablariga muvofiq moliyaviy instrumentlarni rivojlantirish hamda bank, kapital bozori va sug‘urta sohalarini qamrab oluvchi yaxlit ekotizimni yaratish bo‘yicha Filippin tajribasiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, pul o‘tkazmalari bozorida raqamlashtirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish, transchegaraviy to‘lovlarning qulayligi va samaradorligini oshirish hamda tadqiqot va ekspert salohiyatini mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda ekspertlar darajasidagi muloqotni davom ettirish, bilim va tajriba almashish hamda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.










