“Silk Road Finance and Technology Forum” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rahbariyati va Qirg‘iziston delegatsiyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Qirg‘iziston delegatsiyasi forumning ko‘lami va tashkil etilish darajasini yuqori baholab, forum moliyaviy texnologiyalar sohasidagi tajriba va yangi yondashuvlar almashinuvi uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi.
Tomonlar raqamli moliyaviy xizmatlar, to‘lov tizimlari, kibexavfsizlik va naqd pul muomalasini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, innovatsion moliyaviy mahsulot
va xizmatlarni xavfsiz muhitda sinovdan o‘tkazish imkonini beruvchi tartibga solish qumdoni mexanizmlarini rivojlantirish
va bu yo‘nalishda hamkorlikni kuchaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Alohida e’tibor SupTech yechimlari va nazorat jarayonlarida ma’lumotlardan samarali foydalanish masalalariga qaratildi. Qirg‘iziston tomoni ushbu yo‘nalishda xorijiy hamkorlar bilan olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Shuningdek, kiberxavfsizlik va firibgarlikka qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Banklarda zamonaviy anti-fraud tizimlarini joriy etish, shubhali operatsiyalarni tezkor aniqlash, zarur hollarda bank kartalari bo‘yicha operatsiyalarni cheklash hamda firibgarlikdan jabrlangan mijozlarga murojaat qilishning aniq va samarali mexanizmlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar moliyaviy texnologiyalar, SupTech, kiberxavfsizlik hamda naqd pul muomalasini rivojlantirish yo‘nalishlarida tajriba almashish
va amaliy hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.










