Markaziy bank rahbariyatining fuqarolar qabuli doirasida kredit majburiyatlarini bajarishda yuzaga kelgan holatlar ko‘rib chiqildi.
Murojaatlar asosan garovdagi turar joyning auksion savdosiga chiqarilishi hamda sog‘liq bilan bog‘liq sabablar tufayli kredit to‘lovlariga imtiyozli davr ajratish masalalariga taalluqli bo‘ldi.
Xususan, kredit to‘lovlari kechiktirilgani sababli garovga qo‘yilgan va fuqaro istiqomat qilayotgan yagona turar joy auksion savdosiga chiqarilgani yuzasidan savdoni to‘xtatish hamda kredit to‘lovlari muddatini uzaytirishda amaliy yordam so‘raldi. Shuningdek, sog‘lig‘i yomonlashgani sababli moliyaviy imkoniyatlari cheklangan fuqaroning kredit to‘lovlari bo‘yicha imtiyozli davr berish haqidagi murojaati ko‘rib chiqildi.
Murojaatlar tegishli tijorat banklari vakillari ishtirokida atroflicha o‘rganildi. Har bir holatning huquqiy va moliyaviy jihatlaridan kelib chiqib, qonunchilik va bank amaliyoti doirasidagi mavjud yechimlarni ko‘rib chiqish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.










