Markaziy bank va tijorat banklari vakillaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi taklifiga binoan 2026-yil 7–8-sentabr kunlari Londonga tashrif buyurdi. Tashrif davomida delegatsiya a’zolari islomiy moliya sohasidagi nufuzli tadbirlardan biri hisoblangan “IFN UK Forum 2026”da ishtirok etdi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Buyuk Britaniyaning bir qator moliya institutlari va tashkilotlari, xususan, TheCityUKning Islomiy moliya bo‘yicha maslahat guruhi, London fond birjasi, HSBC, Gemcorp Capital, UK Export Finance va boshqalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda Markaziy bank vakillari tomonidan O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun yaratilgan huquqiy asos, kapital bozorini rivojlantirish va sukuk instrumentini joriy qilish bo‘yicha rejalar, shuningdek, islomiy moliya infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. O‘z navbatida, Birlashgan Qirollik vakillari islomiy moliya vositalarini qo‘llash bo‘yicha o‘z tajribalari bilan bo‘lishdi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar xalqaro fond bozorlaridan mablag‘ jalb qilish va savdoni moliyalashtirishda islomiy moliya vositalaridan foydalanish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Markaziy bank vakillari Londonda islomiy moliya sohasidagi imkoniyatlar va hamkorlik masalalarini muhokama qildi
Yangilangan sana: 17 Sen 2026, 17:27










