So‘nggi yillarda O‘zbekistonda raqamli moliyaviy xizmatlardan foydalanish ko‘lami izchil kengayib, yangi moliyaviy texnologiyalar va biznes modellari jadal rivojlanmoqda. Mazkur jarayon moliyaviy xizmatlarni yanada qulay, tezkor va ommabop qilish bilan birga, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, tegishli risklarni samarali boshqarish hamda iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tizimli yondashuvni talab etmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Milliy Fintex strategiyasi O‘zbekistonda zamonaviy, raqobatbardosh va barqaror moliyaviy texnologiyalar ekotizimini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.
Strategiyaning asosiy maqsadi — 2030-yil yakuniga qadar O‘zbekistonni moliyaviy texnologiyalar kompaniyalari uchun Markaziy Osiyodagi eng maqbul yurisdiksiyaga aylantirish, shu bilan birga raqamli moliyaning fuqarolar va biznes uchun xavfsiz, sodda va keng qamrovli bo‘lishini ta’minlashdan iborat.
Strategiya oltita asosiy ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi: jadal rivojlanuvchi va qulay fintex ekotizimini shakllantirish, risklarga moslashgan nazoratni rivojlantirish, mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish, O‘zbekistonni Markaziy Osiyoga fintex markazi sifatida rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan moliyani kengaytirish hamda ishonchli va jadal rivojlanuvchi moliyaviy muhitni ta’minlash.
Ushbu yo‘nalishlar doirasida fintex kompaniyalarining g‘oyadan bozorgacha bo‘lgan rivojlanish jarayonini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy va risklarga asoslangan tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish, transchegaraviy to‘lovlar va pul o‘tkazmalarini rivojlantirish, shuningdek, raqamli moliyaviy infratuzilmani yanada kengaytirish nazarda tutilgan.
Xususan, Innovatsion xabni rivojlantirish, Regulatory Sandbox 2.0 imkoniyatlarini kengaytirish, Open Banking/Open Finance va ochiq API standartlarini joriy etish, raqamli identifikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish hamda mintaqaviy to‘lovlar bog‘liqligini kuchaytirish strategiyaning muhim transformatsion tashabbuslari qatoridan o‘rin olgan.
Strategiyani amalga oshirish 2030-yilgacha bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Dastlab fintex ekotizimi uchun zarur institutsional va texnologik asoslar yaratiladi, keyingi bosqichlarda raqamli identifikatsiya infratuzilmasi, to‘lov tizimlari integratsiyasi, ochiq banking va ochiq APIlar hamda sun’iy intellekt yo‘nalishlari rivojlantiriladi. Yakuniy bosqichda esa O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi fintex markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.
Strategiyaning amalga oshirilishi moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, kichik va o‘rta biznes uchun yangi moliyaviy yechimlarni rivojlantirish, raqamli moliya xavfsizligini oshirish, investitsiyalar va innovatsion kompaniyalarni jalb qilish hamda O‘zbekistonning mintaqaviy moliyaviy integratsiyadagi rolini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Strategiyaning taqdimoti bilan tanishing: havola










