Markaziy bankda OAV vakillari ishtirokida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish milliy strategiyasi hamda markaziy bank raqamli valyutasining ulgurji shakli — wCBDC imkoniyatlariga bag‘ishlangan tahliliy hisobot yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, zamonaviy moliyaviy infratuzilmani takomillashtirish hamda yangi texnologik yechimlarni o‘rganish masalalari muhokama qilindi.
Milliy fintex strategiyasida moliyaviy xizmatlarni aholi va biznes uchun yanada qulay, tezkor va xavfsiz qilish, startaplarni g‘oyadan bozorgacha qo‘llab-quvvatlash, raqamli moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish, to‘lov tizimlarining o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan. Shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, kiberxavfsizlikni mustahkamlash va moliyaviy savodxonlikni oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Strategiyada 2030-yil yakuniga qadar O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning fintex markaziga aylantirish maqsadi belgilangan.
Anjumanda Markaziy bank tomonidan tayyorlangan tahliliy hisobot asosida wCBDC’ning banklar va moliya tashkilotlari o‘rtasidagi ulgurji hisob-kitoblarda qo‘llanish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, qimmatli qog‘oz va uning uchun to‘lovni bir vaqtda amalga oshirish, hisob-kitoblarni tun-u kun olib borish, shuningdek, hamkor mamlakatlar tizimlari o‘zaro uyg‘un ishlagan taqdirda transchegaraviy hisob-kitoblarda wCBDC’dan foydalanish imkoniyatlari tahlil qilindi.
Press-reliz
Moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish milliy strategiyasi
Matbuot anjumani audiosi










