Markaziy bankda eksportchi korxonalar vakillari bilan mamlakat eksport salohiyatini oshirish, eksportni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish hamda tadbirkorlarni qiziqtirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklida o’tkazilgan ushrashuv doirasida mamlakat eksport salohiyatini oshirish va “Eksport navigator” tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha belgilangan vazifalarning mantiqiy davomi sifatida tashkil etildi.
Markaziy bank tomonidan 2 000 ta eksportchi korxona bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilib, unda eksportchi korxonalarning faoliyatini kengaytirish, mavjud muammolarini aniqlash va ularni hal etishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tadbirda Markaziy bank, tegishli vazirlik va idoralar, tijorat banklari hamda eksportchi korxonalar vakillari ishtirok etdi. Hududlardagi tadbirkorlar Markaziy bankning hududiy studiyalari orqali muloqotga qo‘shildi.
Uchrashuv davomida eksportni moliyalashtirishning amaldagi va yangi mexanizmlari, banklar tomonidan taklif etilayotgan moliyaviy imkoniyatlar muhokama qilindi. Tadbirkorlarning moliyalashtirish, bank xizmatlari va eksport faoliyati bilan bog’liq muammo va takliflari tinglandi.
Ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilib, qo‘shimcha o‘rganish va yechim talab etadigan murojaat va takliflar nazoratga olindi.
Eksportchi tadbirkorlar bilan bevosita va tizimli muloqotni muntazam davom ettirish, ularning ehtiyojlaridan kelib chiqib moliyaviy xizmatlar va eksportni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirib borish belgilandi.
Jonli efir videosi










