Markaziy bank rahbariyatining navbatdagi qabulida fuqarolarning ta’lim krediti olish hamda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida kredit ajratish tartibiga oid murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Xususan, fuqarolardan biri ikki nafar farzandi ta’lim muassasalariga kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganligini bildirdi. Ta’lim krediti olish uchun bir nechta bankka murojaat qilganida, har bir farzandi uchun ikkitadan kafil talab qilinayotganini ma’lum qilib, amaliy yordam so‘radi. Qabulda tegishli banklarga holatni o‘rganish va fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatish topshirildi.
Yana bir murojaatda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida kredit ajratish, arizalarni ko‘rib chiqish, kredit shartnomalari va to‘lov grafiklarini shakllantirish hamda kredit majburiyatlari muddatidan oldin bajarilganda undiruvni davom ettirish bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi. Murojaatchining taklif va mulohazalari ko‘rib chiqilib, ko‘tarilgan masalalar ijobiy hal etildi.
Markaziy bank fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish hamda banklar bilan hamkorlikda ularning masalalariga yechim topish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.










