O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rahbariyati ishtirokida hududlardagi fuqaro va tadbirkorlarning murojaatlarini bevosita tinglash va ularga amaliy yechim topish maqsadida videomuloqot tarzida navbatdagi qabul o‘tkazildi. Qabulda bank xizmatlari, jumladan, kredit majburiyatlari bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganildi.
Xususan, fuqarolardan biri ipoteka krediti bo‘yicha to‘lovlarni sog‘lig‘i bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra vaqtincha amalga oshira olmay qolganini ma’lum qildi. Murojaat yuzasidan tegishli tijorat banki tomonidan muddati o‘tgan qarzdorlik yopilgan taqdirda murojaatchiga kredit to‘lovini yengillashtirish maqsadida qo‘shimcha takliflar berildi.
Shuningdek, yana bir murojaatda tadbirkor tomonidan kredit majburiyatlarining ma’lum qismi bajarilganini hisobga olib, garov ta’minotlardan birini kamaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Tijorat banki tomonidan kredit shartnomasini qayta ko‘rib chiqish va garovdagi ko‘chmas mulklardan birini garovdan chiqarish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatilishi bildirildi.
Yana bir murojaatchi homiladorlik ta’tiliga chiqqanligi sababli avtomobil va uy-joy krediti bo‘yicha to‘lov jadvalini qayta ko‘rib chiqish masalasini ko‘tardi. Yukunda fuqaroga kredit ta’tili taqdim etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qabul yakunida barcha murojaatlar yuzasidan tijorat banklariga ularni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish va natijasi haqida murojaatchilarga ma’lum qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Markaziy bank fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini o‘rganish hamda tijorat banklari bilan hamkorlikda ularning masalalariga yechim topish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.










