Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2026-yilning sentabr oyida o‘tkazilgan yig‘ilishlar (jami 8 marta) davomida 37 ta masala ko‘rib chiqildi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 21 ta masala ko‘rib chiqildi. Jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (2 ta), mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish, akkreditatsiya va to‘lov tashkilotiga litsenziya berish (7 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (3 ta), shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (9 ta) bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 16 ta masala ko‘rib chiqildi. Xususan, Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablariga rioya etilishi, bank va nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari natijalari hamda tashkilotlarning moliyaviy xizmatlarini “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Prudensial normativlar va qonunchilik talablariga rioya etilmaganligi, shuningdek, inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 8 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.










