Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

Markaziy bank boshqaruvi 2026-yil 18-martdagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi

Yangilangan sana: 18 Mar 2026, 10:48

Soʻnggi oylarda ayrim oziq-ovqatlar narxlari oshishi hisobiga umumiy inflyatsiya darajasining pasayuvchi trendi sekinlashib, oʻzgarishsiz saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, yuqori isteʼmol faolligi saqlanib qolayotgani va tashqi sharoitlarda narxlarga oshiruvchi xatarlar kutilayotgani inflyatsiyani oʻrta muddatli target darajasigacha pasaytirish maqsadida qatʼiy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni taqozo etmoqda.

2026-yil boshidan iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning muayyan tezlashishi kuzatildi. Natijada bazaviy inflyatsiya oʻsuvchi trayektoriyaga oʻtib, fevral oyida yillik 6,3 foizni tashkil etdi. Mavsumiy omillar taʼsiri kamayishi hisobiga umumiy inflyatsiya sezilarli oʻzgarishsiz 7,3 foiz darajada shakllandi.

Oʻz navbatida, oziq-ovqatlar narxlaridagi oʻsish inflyatsion kutilmalarning yuqori saqlanib qolishiga xizmat qilmoqda.

Iqtisodiyotda faollik yalpi talab hisobidan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bu chakana va ulgurji savdo aylanmasi dinamikasida, koʻchmas mulk oldi-sotdi bitimlari sonida hamda byudjet xarajatlari ijrosida namoyon boʻlayapti. Mazkur omillar sanoat, xizmatlar va qurilish sohalarida oʻsish surʼatlarining barqaror davom etishini qoʻllab-quvvatlaydi.

Mazkur davrda ishlab chiqaruvchilar narxlarining sezilarli oʻsishi kuzatildi. Yuqori talab fonida bu kelgusi davrlarda ishlab chiqaruvchilar xarajatlarining yakuniy narxlarga oʻtib borishi va ularning isteʼmol narxlarida aks etishi ehtimolini oshiradi.

Tashqi iqtisodiy sharoitda geosiyosiy keskinliklarning kuchayishi ham narxlarga oshiruvchi xatarlarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, global taʼminot zanjirlaridagi uzilishlar natijasida jahon bozorida kutilayotgan energiya resurslari va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oʻsishi, shuningdek, logistika kanallaridagi oʻzgarishlar tufayli tashish xarajatlarining ortishi kuzatilishi mumkin. Bu esa kelgusida import narxlari orqali ichki inflyatsiyaga qoʻshimcha bosimlarning shakllanishiga sabab boʻladi.

Asosiy savdo hamkorlari valyutalarining nisbatan barqaror shakllanishi boʻyicha ijobiy kutilmalar yaxshilanishi, oltin narxining yuqori darajada saqlanib qolishi, shuningdek, eksport tushumlari va pul oʻtkazmalari oʻsishining barqaror davom etishi milliy valyutaning real almashuv kursiga nisbatan sezilarli bosimlar yuzaga kelmasligini koʻrsatmoqda.

Iqtisodiyotda kreditlash surʼatlarining bosqichma-bosqich meʼyorlashuvi kuzatilmoqda. Pul-kredit sharoitlarining qatʼiyligi isteʼmol kreditlari segmentida makroprudensial choralarning qoʻllanilishi bilan birgalikda yalpi talab mutanosibligini taʼminlashga xizmat qiladi va narxlarga boʻlgan ortiqcha bosimni pasaytiradi.

Yuqoridagi omillarni inobatga olib narxlar barqarorligini taʼminlash va inflyatsion kutilmalarni pasaytirish maqsadida qatʼiy pul-kredit siyosatini davom ettirish zarur deb hisoblandi.

Markaziy bank kelgusida ham inflyatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, yalpi talab va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi. Yuqorida qayd etilgan omillar yuzaga kelishi natijasida inflyatsiya target darajasiga erishishining kechikishi xatari paydo boʻlgan taqdirda pul-kredit sharoitlari yanada qatʼiylashtirilishi mumkin.

Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsiyani oʻrta muddatda 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan boʻlib qoladi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026-yil 29-aprel kuniga belgilangan.




Ulashish:

 
USD = 12072.96
+52.48
EUR = 14177.28
+128.95
RUB = 161.17
+2.4
GBP = 16360.07
+152.86
JPY = 75.82
+0.57
CHF = 15393.29
+119.49
CNY = 1769.37
+11.04
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X