Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

Markaziy bank boshqaruvi 2026-yil 29-apreldagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi

Yangilangan sana: 29 Apr 2026, 10:51

Umumiy inflyatsiya pasayishda davom etib, yil yakuniga prognozlarga koʻra 6,5 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda. Shu bilan birga, narxlarning barqarorlashuv jarayonlari sustlashib, bunga taʼsir koʻrsatuvchi tashqi omillarning kuchayishi kuzatilmoqda.

Iqtisodiy faollikning jadallashuvi, yuqori yalpi talab va tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar fonida inflyatsiyani 5 foizlik target darajasiga barqaror pasaytirish maqsadida qatʼiy pul-kredit sharoitlarini davom ettirish lozim deb topildi.

2026-yil mart oyida umumiy inflyatsiya prognoz doirasida yillik 7,1 foizgacha pasaydi. Ushbu pasayish, asosan, ayrim tovarlar boʻyicha oʻtgan yilgi yuqori baza taʼsirlari chiqib ketishi hisobiga shakllandi. Bazaviy inflyatsiya 5,7 foizni tashkil etdi.

Iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar ham mart oyida pasayishda davom etgan boʻlsa-da, inflyatsiyaning prognoz koʻrsatkichlaridan yuqori darajada shakllanmoqda.

Soʻnggi oylardagi inflyatsiyaning keng qamrovli pasayishining sekinlashishi hamda joriy inflyatsiya tendensiyalari iqtisodiyotda maʼlum bir inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganini namoyon etmoqda.

Yangilangan prognozlarga koʻra, 2026-yil yakunlari boʻyicha umumiy inflyatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Joriy yilning I choragida iqtisodiy faollik jadallashib, yalpi ichki mahsulot real hisobda 8,7 foizga oʻsdi. Bunda xizmatlar, qurilish, savdo sohalari faollashuvi iqtisodiyotda yalpi talab omillari ustuvorligini koʻrsatmoqda.

Mamlakatga jalb etilayotgan investitsiyalar, jumladan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmining barqaror oshib borayotgani kelgusi choraklarda ham iqtisodiy oʻsish omillarini qoʻllab-quvvatlashda davom etadi.

Mazkur omillarni inobatga olib, 2026-yil uchun iqtisodiy oʻsish boʻyicha prognozlar 7-7,5 foizgacha oshirildi.

Tashqi iqtisodiy sharoitda geosiyosiy ziddiyatlarning kuchayishi fonida jahon bozorida neft va oziq-ovqat narxlarining oshishi boʻyicha xatarlar kuchaymoqda. Bu, shuningdek, logistika va tashish xarajatlarining ortishi bilan birga kelgusida import narxlari orqali ichki inflyatsiyaga qoʻshimcha bosim yaratishi mumkin.

Shu bilan birga, asosiy savdo hamkor davlatlar valyutalarining mustahkamlanayotgani, oltin narxining yuqori darajada saqlanib qolayotgani, eksport tushumlari va pul oʻtkazmalarining barqaror oʻsishi ichki valyuta bozoridagi taklifni qoʻllab-quvvatlamoqda.

Iqtisodiyotda real hisobda ijobiy foiz stavkalar aholining jamgʻarishga boʻlgan moyilligini qoʻllab-quvvatlashga hamda kreditlash surʼatlarining moʻtadillashuviga xizmat qilmoqda.

Yuqoridagi omillarni inobatga olgan holda, joriy pul-kredit sharoitlari saqlab qolinishi inflyatsiyani target darajasigacha barqaror pasaytirish va inflyatsion kutilmalarni jilovlash imkonini beradi.

Markaziy bank inflyatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, yalpi talab va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi. Umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi omillar kuchayishi va inflyatsion kutilmalarning oʻsishi natijasida inflyatsiya target darajasiga erishishning kechikish xatari yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qatʼiyligi taʼminlanadi.

Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan boʻlib qoladi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026-yil 17-iyun kuniga belgilangan.




Ulashish:

 
USD = 12029.20
-43.76
EUR = 14065.74
-111.54
RUB = 160.26
-0.91
GBP = 16228.59
-131.48
JPY = 75.38
-0.44
CHF = 15228.76
-164.53
CNY = 1759.48
-9.89
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X
Onlayn
translyatsiya