Inflyatsiyaning pasayish tendensiyasi davom etayotgan va iqtisodiyotda ayrim muvozanatlashuv belgilari kuzatilayotgan boʻlsa-da, inflyatsiyani oshiruvchi ayrim xatarlarning saqlanib qolayotgani joriy qatʼiy pul-kredit sharoitlarini davom ettirishni taqozo etmoqda.
Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar
Avgust oyida umumiy inflyatsiya 6,2 foizgacha sekinlashib, pasayish tendensiyasini davom ettirdi. Bazaviy inflyatsiya 5,5 foiz doirasida shakllandi.
Shu bilan birga, narxlari yillik 5 foizdan yuqori oshayotgan tovar va xizmatlar ulushining ortishi iqtisodiyotda barqaror xususiyatga ega boʻlgan narx bosimlari hali ham saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda.
Aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari ham pasayishda davom etdi. Bunda inflyatsion kutilmalarning pasayish dinamikasi umumiy inflyatsiya sekinlashuviga nisbatan pastroq boʻlib, narx belgilash jarayonlarida maʼlum darajada inflyatsion inersiya taʼsiri davom etmoqda.
Ichki talab va iqtisodiy faollik
Chakana savdo, xizmatlar sohasi va investitsiyalar dinamikasidagi ijobiy tendensiyalar isteʼmol hamda investitsion talabning faolligini koʻrsatmoqda. Shu bilan birga, soʻnggi oylarda yalpi talabning ayrim tarkibiy qismlarida barqarorlashuv belgilari namoyon boʻla boshladi.
Xususan, joriy pul-kredit sharoitlari taʼsirida iqtisodiyotga ajratilayotgan kreditlarning oʻsish surʼatlari bosqichma-bosqich maqbullashib bormoqda. Bunda, ijobiy real foiz stavkalari aholining jamgʻarishga boʻlgan moyilligini qoʻllab-quvvatlamoqda.
Tashqi inflyatsion xatarlar
Jahon xomashyo, oziq-ovqat va energiya bozorlaridagi narxlarning yuqori darajada boʻlishi oʻrta muddatli istiqbolda import narxlari hamda transport va logistika xarajatlari orqali ichki inflyatsiyaga bosimlarni saqlab qoladi.
Tashqi narx shoklarining ichki inflyatsiyaga ikkilamchi taʼsiri koʻlami koʻp jihatdan ichki talab dinamikasiga va koʻriladigan tarkibiy choralarga bogʻliq boʻladi.
Ayrim asosiy savdo hamkorlar valyutalarining qadrsizlanishi fonida soʻmning real samarali almashuv kursini yil davomida mustahkamlanayotganligi import narxlari orqali inflyatsion bosimlarni yumshatuvchi omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Ichki inflyatsion xatarlar
Tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish jarayoni davom etayotganligi ishlab chiqarish xarajatlari, xizmatlar narxlari ikkilamchi inflyatsion taʼsirlarni kuchaytirishi mumkin.
Mazkur inflyatsion xatarlarning barqaror inflyatsion jarayonlarga aylanishini cheklash, ehtimoliy ikkilamchi taʼsirlarini yumshatish hamda inflyatsion kutilmalarning izchil pasayishini taʼminlash uchun joriy qatʼiy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish zarur deb baholanmoqda.
Markaziy bank inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar dinamikasi, ichki talab omillari hamda tashqi iqtisodiy sharoitlardagi oʻzgarishlarni diqqat bilan kuzatib boradi va 2027-yil yakuniga qadar inflyatsiyani 5 foizlik targetga tushirish uchun zarur boʻlgan pul-kredit sharoitlarini taʼminlashda davom etadi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026-yil 28-oktyabr kuniga belgilangan.










