Ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy kredit liniyalari hisobidan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan kreditlarning foiz stavkalari yuzasidan savollar bildirilmoqda. Shu munosabat bilan Markaziy bank kredit qiymatining shakllanishiga oid quyidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.
Jalb etilgan resurs qiymati uning shartnomasiga bog‘liq. Xorijiy kredit liniyalari qat’iy yoki o‘zgaruvchan foiz stavkasida ajratilishi mumkin. O‘zgaruvchan stavka, odatda, xalqaro bazaviy ko‘rsatkich va unga qo‘shiladigan ustamadan iborat bo‘ladi. AQSh dollaridagi moliyalashtirishda shunday ko‘rsatkichlardan biri — SOFR qo‘llaniladi.
Agar shartnomada “SOFR + 1,75 foiz band” belgilangan bo‘lsa, 1,75 foiz band resursning yakuniy stavkasini emas, bazaviy ko‘rsatkichga qo‘shiladigan ustamani anglatadi. Shartnomaga qarab, mablag‘ni jalb qilish bilan bog‘liq komissiyalar va boshqa to‘lovlar ham mavjud bo‘lishi mumkin. Muayyan kredit liniyasining qiymatini aniqlash uchun uning barcha shartlarini birgalikda ko‘rib chiqish zarur.
Tadbirkorga taklif etiladigan kredit stavkasi resurs qiymati, qarzdorning to‘lov qobiliyati, loyihaning tavakkalchilik darajasi, kredit muddati va ta’minoti asosida shakllanadi. Bunda bankning loyihani tahlil qilish, kreditga xizmat ko‘rsatish va monitoring xarajatlari, likvidlik va kapitalni saqlash bilan bog‘liq xarajatlari hamda foyda marjasi hisobga olinadi. Ushbu omillarning ta’siri har bir kredit bo‘yicha farqlanadi.
“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 62-moddasiga muvofiq, kredit foiz stavkalari banklar tomonidan mustaqil belgilanadi. Shu bilan birga, bank mijozga shartnoma tuzilishidan oldin kredit shartlari, foizlarni hisoblash tartibi, komissiyalar va boshqa majburiy to‘lovlar haqida to‘liq ma’lumot berishi lozim. O‘zgaruvchan stavkali kreditlarda bazaviy ko‘rsatkichning o‘zgarishi to‘lovlarga qanday ta’sir qilishi ham tushuntirilishi zarur.
Kredit takliflarini taqqoslashda foiz stavkasi bilan birga barcha majburiy to‘lovlar, qaytarish jadvali va stavkani qayta hisoblash shartlarini ham hisobga olish muhim.
Kredit foiz stavkalari qanday shakllanadi?
Yangilangan sana: 27 Okt 2026, 21:30










